Men sulton Alovuddin Muhammad ibn Tetish o`g`li Jaloliddin Manguberdiman – so`nggi Xorazmshoh. Kindik qonim to`kilgan ona tiprog`imni g`animlardan ozod etish mening chekimga tushdi. Bu yo`lda taqdir ne ofatlarga giriftor qilmadi deysiz. Yiqildim, turdim… Qalbimdagi g`alabaga bo`lgan umid uchquni Yaratganning marhamati ila olovga aylandi. Va menga bu olovning qudrati nimalarga qodirligini ko`rsatish imkoniyati berildi. Oilam bag`rida kechga osuda damlarda ham zurriyodlarimga jang san’atini o`rgatib, nogahonda kelishi mumkin bo`lgan xatarlardan ogoh bo`lishga undadim. Bosqinlar ostida toptalgan va qulayotgan Vatanimni asrab qolish, uni yana qayta ulkan mamlakatga aylantirish otashi ila tun-u kun yondim. Qalbimni ona yurtimni g`animlardan himoya qilish maqsadi bir lahza ham tark etmadi. Dunyoni zabt etishga qasd qilgan chingiz lashkari iskanjasiga tushgan Vatanimni himoya qilish yo`lida bir necha bor o`lim bilan yuzma-yuz keldim va omon qoldim. Bu yo`lda taqdirning g`alati o`yinlariga ham guvoh bo`ldim. Chunki qattol va shafqatsiz chingiziylar mo`ri-malahdek ko`p va amalda ularni yengish amri mahol edi. Dushmanga qarshi kechgan ayovsiz janglarda oz sonli qo`shin bilan g`alaba qozonar ekanman, menga ilohiy bir kuch doim hamrohligini sezib turardim. Taassuflar bo`lsinkim, 33 davlatni bir bayroq ostida birlashtirgan, 400 shaharni o`z ichiga olgan Xorazmning O`tror, Samarqand, Buxoro, Gurganch, Xo`jand kabi obod kentlari mo`g`ul bosqinchilari tomonidan ayovsiz talandi, yondirildi, vayron qilindi. Ayollar asir olinib, erkaklar qirib tashlandi. Vatanimni butkul egallashdek yovuz niyat ila izg`ib yurgan bosqinchilarga qarshi umrimning so`ngiga qadar ayovsiz kurash olib bordim. Yigirma bir yoshimda otam qo`lidan sultonlik muhri va qilichini olib, yurt himoyasiga otlandim. O`n bir yil davomida TyanShandan Bog`dodgacha, Gurjistondan to Hindistongacha bo`lgan hududlarni qamrab olgan Vatanimni mo`g`ullar qo`lidan qaytarib olishga intildim. Bu yo`lda yurtining bir hovuch tuprog`i uchun jon berishga tayyor mard va jasur o`g`lonlarni atrofimda jamladim. Zotan:
Vatan – ona me’rosdir, ota me’rosdir, Uni jonday asramoq mardlarga xosdir. Manguberdiman, mangu aytmog`im – rostdir, Ulug`vor niyatlarga kor qilmas ajal. Kim yurtidan yovni quvsa, mendirman o`sha!
Vatan uchun ko`ksim tog`, qalqondir sha’nim, Uni desa shamolday uchqur samanim. Bor bo`lsam chamanimdir, o`lsam kafanim, Manguberdilik menga taqdiri azal. (x2)
Yurtim har qarich yeri orimdan ulug`, Suygan farzandlarimdan, yorimdan ulug`. Nada or, nada yor, borimdan ulug`, Ming jondan bu tuproqning har gardi afzal.
(Kim uni ko`zga sursa) mendirman o`sha, (Kim uni ko`zga sursa) mendirman o`sha, Mendirman o`sha…
Yovning xushbo`y guli ham alafdir menga, Yurtim ham go`yo Ka’ba tarafdir menga. Turon arsloni bo`lmoq sharafdir menga, Yigit uchun vatan deb yashamoq go`zal. (x2)
Kun keladi, yovlarning bog`i so`lgaydir, Vatanim hurlik degan baxtga to`lgaydir. Kun kelar, eng buyuk davlat bo`lgaydir, Millionlab manguberdi bo`lar u mahal.
Qay ona o`g`il tug`sa, mendirman o`sha, Qay ona o`g`il tug`sa, mendirman o`sha, (Kim yurtidan yovni quvsa) mendirman o`sha, (Kim yurtiga sodiq tursa) mendirman o`sha…