Главная » 2017»May»29 » Radikulit — sabablar, turlari va davolash..
22:23
Radikulit — sabablar, turlari va davolash..
Nerv tizimi xastaliklari ichida radikulit (orqa miyaning nerv ildizlari va ulardan ketadigan nerv tolalari kasalligi) asosiy o‘rinda turadi. Bu dardga, ayniqsa, 30-50 yoshdagi kishilar ko‘proq chalinadilar. Umurtqa kanalida orqa miya mavjud, shu orqa miyadan o‘ttiz bir juft nerv ildizchalari chiqadi. Nerv ildizchalari umurtqa kanalidan ingichka suyak teshigi orqali chiqadi, uning diamerti yulduzcha diametridan salgina katta xolos. Har bitta nerv va ildizcha bir-biridan ajralib turadigan nerv tolalaridan iborat. Bir xillarining tolalari sezgir, ikkinchi xillari atrofdagi to‘qimalarning oziqlanishi va qon aylanishini uchinchilari esa mushaklar qisqarishini boshqarib turadi. Sezgir tolalarning zararlanishida igna sanchilgandek og‘riq kuzatiladi, moddalar almashinuvi va qon aylanishi boshqaradigan nerv tolalari zararlanganda soch o‘sishi va ter ajralishi izdan chiqadi, tirnoqlar tez sinadigan va mo‘rt bo‘lib qoladi. Uchinchi xildagi nerv tolalari zararlanganda esa mushaklar atrofiyasi (ozib, kichrayishi) va spazmlar ro‘y beradi. Umurtqa pog‘onasi zararlanishidan tashqari ba’zan gipodinamiya (kam harakatlilik) va asabiy zo‘riqishlar ham radikulit xavfini keltirib chiqaradi. Bu kasallikning birinchi alomati — og‘riq, ya’ni zararlangan nerv ildizchalari va nerv tolalari bo‘ylab og‘riq turishi, sezuvchanlikning yo‘qolishi ro‘y beradi. Radikulit odatda birdaniga paydo bo‘lib, ko‘p hollarda surunkali tusga o‘tadi va keyin tez-tez qo‘zg‘ab turadi.
Radikulit og‘riq bilan kechib o‘zini tezda oshkor qiladi. Shuning uchun umurtqa bo‘ylab og‘riqlar kuzatilsa darhol shifokor ko‘rigiga boring va kasallikning surunkali ko‘rinishiga o‘tib ketishidan asraning! Davolanamiz! Radikulit bilan og‘rigan bemorni nevropatolog davolaydi. Muolaja kasallikni keltirib chiqargan sabablarni aniqlashdan boshlanadi. Shundan so‘ng shifokor tomonidan og‘riqni kamaytiruvchi dorilar hamda fizioterapevtik muolajalar, davo gimnastikasi, umurtqalararo disk faoliyatini tiklash kabi usullar tavsiya etiladi.
Uy sharoitida belga issiq qo‘yish, reklamalardagi og‘riq qoldiruvchi dorilar hamda sutrmalardan foydalanish vaqtincha naf beradi. Agar bemor vaqtida, ya’ni belda og‘riq kuzatilgach nevropatologga murojaat etsa, kasallikdan butkul qutiladi. Taomnoma. Radikulit kasalligida bemorning kundalik ozuqasi tarkibida ko‘proq xom sabzavotlar bo‘lishi kerak. Masalan, bodring, pomidor, karam, rediska. Sabzi, karam, yalpizni bug‘da pishirib iste’mol qilish ham ancha samarali. Bundan tashqari, har kun ertalab, 2-3 ta sarimsoq yeyish va bir kunda bitta limon sharbatiga tuz qo‘shib, suv bilan aralashtirib ichish ham yaxshi natija beradi. Og‘riq kuchaygan vaqtda yog‘li, qovurilgan taomlar, qandolat mahsulotlari, qahva, achchiq choy ichish mumkin emas! Xo‘sh, sizda bu kasallik yo‘qmi, unda bu kasallikni oldini oling! Bu juda oson, doimo harakatda bo‘ling, og‘ir buyumlarni ko‘tarishdan saqlaning, bel hamda bo‘yinni hech qachon “qirsillatmang”