«Real» hujumchisi Krishtianu Ronaldu Ispaniya Superkubogi 1-uchrashuvida «Barselona» darvozasiga kiritgan golini nishonlashda kataloniyaliklar hujumchisi Lionel Messi harakatini takrorladi. «Kamp Nou»da o'tgan uchrashuv «qaymoqranglilar»ning 3:1 hisobidagi g'alabasi bilan yakunlandi.
2-bo'limda zaxiradan o'yingga tushgan Ronaldu 80-daqiqada «Real»ning ikkinchi golini urdi va futbolkasini yechib, orqa tomonidagi familiyasini stadiondagi muxlislarga ko'rsatdi. Messi Ispaniyaning yakunlangan chempionatining 33-turida «Santyago Bernabeu»da «Real»ga urgan golini shunday nishonlagandi.
Ta`kidlash joizki, Ronaldu futbolkasini yechgani uchun birinchi sariq kartochkani «ishlab olgan», 2 daqiqa o'tib esa simulyatsiya uchun yana bitta sariq kartochka olib, maydondan chiqarib yuborilgan. Endi futbolchi Superkubokning «Santyago Bernabeu»da 16 avgust kuni o'tadigan javob uchrashuvida maydonga tushmaydi.