Hay-hay, uyat, jon o'lan, Kelin keldi, yo'lni och, Ne ko'z bilan ko'rayki, Kelin yarim yalang'och.
Sharqning qizi bo'lganda, Bo'lib sharmu hayosi, Bunchalar ochiq-sochiq, Bo'lmas edi libosi.
- Kelin qaydan? - so'radim Bitta kelin-oyidan, Kesatdi: - Shu qishloqning "Parij" degan joyidan.
- Yo, tavba! O'zimizning Qizimizmi bu hali? Otabeklar, Kumushlar Kiygan liboslar qani?
Ko'ylagi uzuq-yuliq, Yelkalari yap-yalang, Voy-o'lay! Qo'ltiqlari Ko'rinyaptiku, qarang.
Ayol kishi bo'lsam ham, Junjikib ketti etim, Ko'krak yarim ochilib, Bo'b turibdi bir yutum.
Bu libosda qizlarni, Ko'rgandim kinolarda, Bo'lar edi g'arbdagi Ko'ngilochar joylarda.
Yozilardi u joylar Eshigiga hammasin: "O'n oltiga to'lmagan Bolakaylar kirmasin".
Yopiqqina bo'lmasmi Axir, "siyna", degan joy Hamma ko'rdi, kuyovga Nima qoldi endi, voy?!
Yirtilib ketganmikin, Yoki ochgan jo'rtaga? Qaynotasi uyalib Chiqib ketti ko'chaga.
O'g'lin so'kar ichida, Qanday bo'g'ilmay tursin: "Uni - u, buni - bu", deb Topgan xotinig qursin.
Badaniga qarasam, Oriyatdan qaqshayman, Xotinlar xammomida O'tirganga o'xshayman.
Qaynona: "Yelkasini Yoping!" deb imlayapti, Yanga der: "Yopay desam, Kelin unamayapti".
Qaynonasi garg'azab, Ichida der: "To'y o'tsin, Kuningni ko'rsataman, Qiz bo'lmay beting qursin!"
Ro'molin uchin bilan, Bekitvolib og'zini, Kampirsholar uyalib Chetga olar o'zini.
Namoyishga ochilgan, Bo'yin, qo'ltiq, yanoqlar, Ko'zi bilan "yeb qo'ysam", Deb turipti bo'ydoqlar.
Qanday chidab tiripti, Kuyov munchalar royish, Kelinnnig ziynatlarin Qilib qo'yib namoyish.
Kuyovga qaradimu, Orim keldi, bo'ldim lol, O'tiribdilar "okam" Tirjayvolib bemalol.
Shom bo'ldi, tugadi to'y, Karnayning o'chdi uni, Tamom bo''ldi, ming shukr, "Ochiq yelkalar kuni".
Qasd qildim: to'y qilaman, Qizim Osiyoxonga, Sharqona to'yliboslar Chiqqanida do'konga.
|