Bolalar bo'yi tabiiy ravishda o'sib boradi. Biroq ayrim hollarda ushbu o'sish sekinlashadi yoki umuman to'xtab qoladi. Bunday vaqtda jiyda daraxti mevasidan bo'y o'stirish vositasi sifatida foydalanish mumkin. Uning tarkibidagi qand, oqsil, oshlovchi moddalar, organik ishqorlar kishi organizmiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi va bo'y o'sishiga yordam beradi.
V1, V2, PP1 vitaminlariga boy bo'lgan bu ne'mat turli xastaliklarni davolashda ham qo'l kelishi mumkin. Uning damlamasi ayniqsa foydalidir. Damlamani tayyorlash uchun usti yopiq idishga bir yarim litr suv quyib, unga 50 gramm jiyda mevasidan solinadi va biroz qaynatiladi, so'ngra qaynatmani dokadan suzib, kuniga ovqatdan so'ng ikki osh qoshiq ichib turiladi, ayniqsa, qish va ko'klam oylarida bu mevaning foydasi kattadir.
XALQ TABOBATI
- Quruq, iztirobli yo'talni qoldirishda ichiga sariyog' yoki dumba solib, bug'da pishirilgan yoxud oshga bosilgan behi iste'mol qilinsa, tomoqni yumshatib, yo'talishga xotima beradi, balg'am ko'chishini osonlashtiradi, ko'krakni yumshatadi;
- Yog'i olinmagan qaynoq sutga biroz sariyog' aralashtirilib ichilsa, yo'tali qolib, ovozning ravon bo'lishiga yordam beradi;
- Karam sharbatining shakar bilan aralashmasi balg'am ko'chirish hamda tomoq xirillashini davolash xususiyatiga ega. Buning uchun shakarli karam sharbati 1 choy qoshiqdan kuniga bir necha mahal ichiladi;
- Karam sharbatini asal bilan qaynatib iste'mol qilinadigan bo'lsa, yo'talni qoldiradi, tumovga davo bo'ladi;
- Kartoshkani po'sti bilan birga qaynatib, suvi to'kib yuboriladi. Qaynoq holdagi kartoshka birorta idishga solinib, nafas yo'liga to'g'irlanadi va bosh ro'mol yoki mato bilan burkab olinadi. Bunday amal yuqori nafas yo'llari yallig'lanishida foyda beradi;
- Kartoshka po'sti bilan qaynatilib, so'ng yaxshilab eziladi va unga 1 osh qoshiq o'simlik yog'i, 2-3 tomchi yod qo'shilib aralashtiriladi. Bunday aralashma issiq holatda birorta matoga quyilib, ko'krakdan tomoqqa qadar bosiladi. Bunday tadbir odatda kechasi qilinadi. Ko'krakka bosilgan aralashma sovigandan so'ng olinadi. Mazkur muolaja bronxit, yukori nafas yo'llarining shamollashida yaxshi foyda beradi.