LOLAQIZG'ALDOQ
Shavkat Rahmon xotirasiga
Mendan nima qolar: Ikki misra she’r, Ikki sandiq kitob, Bir uyum tuproq. Odamlar ortimdan Nima desa der, Men seni o'ylayman O'zimdan ko'proq – Lola, lolajonim, Lolaqizg'aldoq!
Men ketsam, yomondan Yiroq bo'l, ohu, Chunki sen chiroyli, Ko'rkli bir juvon. Yomon kunlar bir kun Yaxshi bo'lar-u, Yomon odam yaxshi Bo'lmas hech qachon… Yasha chegarada Turgandek ogoh, Lola, lolajonim, Lolaqizg'aldoq!
Uyda yotibman-u, Sezib turipman, Ko'kda kelayotir Qushlar qaytishib. Xayrlar yog'dirib Qanotlaridan, Xasta shoiriga Vido aytishib. Bor, mening uchun ham Ularga qo'l qoq – Lola, lolajonim, Lolaqizg'aldoq!
Ularni men yana Ko'rarmanmi-a, Ayvondan odamdek Kuzatolmadim. Kuz. To'ylar boshlandi. Yuragim pora – Bitta qizimni ham Uzatolmadim… Demak, taqdir ekan To'y ko'rmay o'lmoq, Lola, lolajonim, Lolaqizg'aldoq!
Biroq, ko'nglim sezar, Mendan keyin ham, Bir kun bu hovliga Odam to'ladi. Hali to'ylar qilib Charchaysan, erkam, Mening qizlarim eng Baxtli bo'ladi! Kelinlar ko'ylagi Ruhimday oppoq – Lola, lolajonim, Lolaqizg'aldoq!
Gulim, yaqinroq kel, Qara, ne savdo, Bu ajib ishlarni Dil lavhiga yoz: Kimga qasr yetmas, Kimga mol-dunyo, Menga esa havo Yetmaydi, xolos. Tiriklar mudroqda, O'liklar uyg'oq – Lola, lolajonim, Lolaqizg'aldoq!
Ko'ksim kuyib borar, Ko'krak yonmoqda, Ayting do'xtirlarga, Yorishsa yorsin! Jism o'z ulfati – Jondan tonmoqda. Bechora jon endi Qayerga borsin. Endi osmon yiroq, Endi yer yumshoq – Lola, lolajonim, Lolaqizg'aldoq!
Buni hayot derlar, Unutma aslo, Bir kun ochilasan, Bir kun so'lasan. Qalbimda-ku, faqat Sen eding tanho, Qabrim ustida ham O'zing bo'lasan. Sen bizning sevgidan Xotira – bayroq, Lola, lolajonim, Lolaqizg'aldoq!
Ayol qalbing bilan Suv kech, olov kech, G'am kelsa boshingdan Xushing uchmasin. Xudodan so'radim: Mendan keyin hech, Nomard kimsalarga Ishing tushmasin. Ularning qo'lida Hamisha tuzoq, Lola, lolajonim, Lolaqizg'aldoq!
Ishing tushsa, inim Muhammadga bor, Shoirlar ichida Ishonganim shu. Biroz ichishini Aytmasa agar, Ko'ksi tiniq bola, Halol bola u. Faqat sal soddaroq, Faqat sal yoshroq, Lola, lolajonim, Lolaqizg'aldoq!
Jon so'ngi boshpana Toparkan ongda, U yurak ostida Derdim men bo'lsam. Ajablanma agar Ertaga tongda Seni o'pib, O'shni Quchoqlab o'lsam!.. O'tinchim – tepamda Yig'lama uzoq, Lola, lolajonim, Lolaqizg'aldoq!
|