SINOV (3 qism) O`tkir boyvachchaning uyini topish uncha qiyin bo`lmadi. Did bilan qurilgan ikki qavatli uy, deraza oynalariga naqshinkor panjara tutilgan, temir darvozasi esa endi chiqayotgan quyoshning ilk nurlarida tovlanardi. Bahrom darvozaning qo`ng`irog`ini bosdi. Eshikni bo`ynilari yo`g`on, basavlat kishi ochdi. - Nima deysan? - O`tkirni mumkinmi? - Qanaqa O`tkir? Ha, umi?! Undan uyini sotib olganman. - Uni qayerdan topsam bo`ladi? - Bilmayman, - barzangi kishi shunday deb, boshqa savoling yo`qmi, degandek birpas qarab turdi-da, qarsillatib eshikni yopdi. Avvaliga Bahrom nima qilishini bilmay qoldi. Keyin fikrini bir joyga jamlab, shahar Ichki ishlar boshqarmasiga bordi. U yerdan ham O`tkir haqida birmuncha ma`lumot oldi. Uni topishga ko`maklashish uchun bir xodimni ham qo`shib berishdi. Bahrom u bilan O`tkir bo`lishi mumkin bo`lgan xilvatgohlarga bordi, u haqida so`rab- surishtirdilar. Nihoyat, shahar chetidagi bir xaroba kulbadan uni topishdi. U xonada g`ujanak bo`lib yotardi. Bahrom uning boshiga borib, yuziga tikildi. U avvalgi O`tkirga sira ham o`xshamasdi. Yuzlari so`lg`in, sochlariga oq oralagan, qovoqlari qip- qizil bo`lib bo`rtib chiqqan edi. G`amgin va ma`nosiz ko`zlariga tikilgan Bahrom uni tanidi. - O`tkir, tur o`rningdan… U ko`zlarini kattaroq ochib qaradi. - Bahrom, do`stim, senmisan? Meni ajalim etganga o`xshaydi. - Bu nima deganing? Hali hammasi yaxshi bo`ladi! O`tkir shifoxonaga yotqizildi. Doktorlarning aytishicha u giyohvand moddalarga o`rganib qolgan ekan. Oradan bir yarim oy o`tgach, u ancha sog`aydi. Bu orada Bahrom do`stining giyohvand bo`lib qolishiga sababchi bo`lgan narkobizneschilar guruhini hibsga olishga erishdi. Noqonuniy yo`l bilan jinoyatchilar qo`liga o`tib ketgan firma va do`konlar egasiga qaytarildi. Uch oydan so`ng O`tkir butunlay sog`ayib chiqdi. - Sen menga juda katta yaxshiliklar qilding, Bahrom. Qayta tug`ilib, yangidan hayot boshladim, desam ham bo`ladi. Sen bo`lmasang holim ne kechardi bilmadim, do`stim… - Nimalar deyapsan? Biz axir do`stmiz-ku, O`tkir?! "Yiqilgan payting suyamagan do`st - do`st emas", deb o`zing aytganding, esingdami?.. Ular qattiq quchoqlashishdi. Taqdir bu ikki do`stning bir-biriga bo`lgan sadoqatini sinovdan o`tkazgan edi TAMOM.