SOTILGAN AYOL QISMATI... O`zining ismini Nilufar deya tanishtirgan samarqandlik kelinchak bundan 3 yil oldin orzu havaslar bilan o`zi yoqtirgan yigitga turmushga chiqqanligini to`lqinlanib gapirishdan boshladi. - Feruz aka... To`g`risini aytsam, bu insonni aka deyishga ham tilim bormayapti. Biz yaxshi niyatlar bilan oila qurgandik, lekin turmushning mushtlari qattiq bo`larkan. 20 yoshimda shu insonga turmushga chiqqanimda, go`yo, hayotim jannatga o`xshardi. O`zimni yettinchi osmonda his qilardim. Bu xursandchiligim uzoqqa cho`zilmadi. Ko`ngil qo`ygan insonim ichib kelib, sababsiz meni do`pposlashni o`ziga odat qilib oldi. Bugun yaxshi bo`lar, ertaga yaxshi bo`lar, degan ishonch bilan bir yil yashadim. Yo`q, natija bo`lmadi. Bu orada o`g`illi bo`ldim. Farzandli bo`lganimizdan so`ng bu ko`ngilsizliklar nuqta qo`yar, derdim. Adashgan ekanman. Oxir-oqibat, "bo`ldi, hammasiga nuqta qo`yaman", deganimda qaynonam shart qo`ydi: - Seni kelin qilgunimmizcha ketgan xarajatlarni, shu kungacha yeb-ichgan haqqingni to`lasanggina ketasan! Qaynopam esa menga yordam beradigandek dedi: - Xohlasang, seni chet elga ishga jo`nataman. Kelishilgan summani bizga jo`natasan, qolgan xizmat haqqingni o`zing uchun olaverasan! Shu suhbatimizni turmush o`rtog`im ham eshitib, meni chet elga ishlash uchun borishga majburladi. Ularning aytishicha, u yerda chol- kampirning qilsam, oyiga ming dollar maosh to`lasharkan. - Chet elga ketishingni o`zim ta`minlayman. To`y, shu paytgacha yeb-ichganing va yo`lkirang bilan bizga 15 ming dollar to`laysan! - qaynopamning xulosasi shu bo`ldi. Erimning kaltaklaridan shu qadar bezgan ekanmanki, bu taklif menga zulmatli hayotimdan yorug`likka chiqish yo`li bo`lib ko`rindi. O`g`limni ota-onamga berib, orzular og`ushida chet elga ishlashga ketdim. Qaynopamni tashabbuslari bilan olti kishi bo`lib, samolyotda Dubay tomon uchdik. Ne ko`z bilan ko`rayki, na qari cholu kampir bor va na boshqasi. Fuqarolik pasportlarimizni yig`ib olib qo`yishdi. Chet tilini bilmaganim uchun ularning imo-ishoralari va olaqarashlaridan boshqa niyatda his qildim. Ularning taklifiga norozi ekanligimni tarjimonlar orqali bildirdim. Eng dahshatlisi, ana o`shanda boshlandi. Qolgan beshta qizni boshqa qaytib uchratmadim. Meni aeroportda qabul qilib olgan ayol bilan yana to`rtta barzangidey erkak, ko`rinishi rus millatiga o`xshash qiz ikkimizni kimsasiz cho`lga olib ketishdi. Bu daxshatli voqeani so`z bilan ifodalay olmayman. Eslasam, butun a`zoyi badanim titrab ketadi. Kimsasiz cho`lda bechora qizni to`rtta barzangi erkak... zo`rladi. Takliflariga ko`nmasam, men ham shu ahvolga tushishimni tushuntirishdi. Nima qilishni bilmay boshim qotdi. Na chora, yashash uchun rozi bo`ldim. Orqaga qaytayapmiz-u, haligi bechora qizni kimsasiz cho`lda behol, kiyimsiz bir ahvolda tashlab ketishayotganini ko`rib, ularning hayvondan ham battar ekanligini angladim. Qizning taqdiri menga qorong`i. Cho`lda o`lib ketdimi yoki kimdir ko`rib uyiga olib ketdimi?.. Keyin bilsam, u qiz mijozlarga yaxshi xizmat ko`rsatmagan ekan. Buni menga dars sifatida ko`rsatishibdi. Ularning taklifiga rozi bo`ldim- u, lekin oldinda yana bir qancha shartlari ham borligini keyin tushunib yetdim. Mijozni ko`nglini olish har bitta ayolning vazifasi ekanligi qat`iy tushuntirildi. Atrofimdagi qizlar menga ingliz tili va arabcha raqs tushishlarni o`rgata boshlashdi. Bu botqoqlikda hattoki, husnim ham menga pand berdi. Aniqroq qilib aytganda, boshimga balo bo`ldi. Hayotimda birinchi marta go`zal bo`lib tug`ilganim uchun afsuslandim. Sababi, boshqa qizlarga qaraganda mening mijozim ko`pligidan bir kun ham dam olish kuni bo`lmasdi. Ichimdan o`tayotgan dardlarimni atrofimdagi qizlarga aytishga ham qo`rqardim. Ko`zimga hamma dushman bo`lib ko`rinardi. Hammadan nafratlanardim. Lekin buni o`zlariga sezdirmasdim. Chunki oqibati yaxshilik bilan tugamasligini bilardim. Bu muhitga ko`nikkanimga ularni ishontirganimdan so`ng qizlar bilan diskotekalarga borishimga ruxsat berishdi. Bildirib qo`ymaslik uchun bir-ikki marta borib kelib yurdim. Uchinchi marotaba chiqishimda o`z xohishim bilan o`zimni militsiya xodimlariga topshirdim. Ular meni zindonga qamashdi.Kimligim va qayerdan kelganligim haqida batafsil ma`lumot berganimdan so`ng bizning elchixonamiz bilan bog`lanishdi. Shaxsimni aniqlashga bir hafta, hujjat tayyorlash va yurtimga qaytishni ta`minlash uchun esa ikki oy vaqt ketdi. Birlashgan Arab Amirligi menga shaxsimni tasdiqlovchi hujjat tayyorlab bergan bo`lsa, hukumatimiz Vatanimga qaytishim uchun yo`l xarajatlarini to`lab, chiptamni qo`limga olib kelib berishganida ko`zimga achchiq yosh keldi... Yurtimga qaytishim bilan hamma qiyinchiliklar orqada qolganligini butun borlig`im bn his qildimu, lekin aeroportda yana kuchli vahima bosdi. Go`yoki yana kimdir meni olib qochib ketayotgandek edi.