Turmush qurishganiga ikki oy bo`lgach kelin va kuyov negadir ko`p tortishadigan bo`lib qolishdi. Bu tortishuvlar har kuni davom etardi. Arzimagan sabablar tufayli ham janjal chiqardi. Bir kuni dilxiraliklardan bezgan kuyov kelinga shunday taklif aytdi: "Kel, yaxshisi hovliga bir tup ko`chat ekamiz, lekin uning tagini yumshatmaymiz, suv ham quymaymiz, ekib qo`yamiz xolos. Agar o`sha ko`chat qurib qolsa, ajrashamiz. Agar ko`karib ketsa, hayotimizni birgalikda qaytadan boshlaymiz". Kelin roziligini bildirgach xovliga bir tup ko`chat ekildi. Keyin ikkovi alohida- alohida yashay boshlashdi. Bir-birlariga gapirmasdilar ham. Oradan ikki oy o`tdi, lekin ko`chat qurimadi. Uch oy ham yakunlanib qolganida nihol ko`karib, gullab ketdi. Ana shu kunlarning birida kelin bilan kuyov kechasi soat 02:30 da ko`chat oldida uchrashib qolishdi. O`sha lahzada ikkovlarining ham qo`lida bir chelakdan suv bor edi!